Ilmiy natijalarga tanqidiy baho berildi

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida navbatdagi «Doktorantlar kuni» doirasida seminar bo‘lib o‘tdi. Dastlab, O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti 3-bosqich tayanch doktoranti Dilnoza Norboyeva “Tritikale navlarida qurg‘oqchilikka chidamlilikning fiziologik-biokimyoviy xususiyatlari” mavzusida taqdimot qildi. U tritikale navlarining qurg‘oqchilik sharoitiga moslashuvi, ularning fiziologik va biokimyoviy xususiyatlari, hamda biologik turlarini o‘rganishga doir tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Doktorantning ta’kidlashicha, olib borilayotgan ilmiy ishning asosiy maqsadi — tritikale nav namunalarining qurg‘oqchilikka chidamliligini morfologik va ayrim fiziologik omillar asosida o‘rganish, chidamli hamda chidamsiz navlarni aniqlashdan iborat. Taqdimotdan so‘ng ishtirokchilar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.

Shundan so‘ng, Zoom platformasi orqali Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti 3-bosqich tayanch doktoranti Islomjon Davletov “Kuzgi bug‘doyning xorijiy va mahalliy nav namunalaridan respublikamizning shimoliy mintaqalari sharoitiga mos, sovuqqa chidamli yangi navlarni yaratish” mavzusida taqdimot qildi.

U kuzgi bug‘doy navlarining sovuqqa chidamliligi va ularni mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish bo‘yicha olib borayotgan ilmiy izlanishlari natijalari bilan o‘rtoqlashdi. Taqdimot yakunida ustoz olimlar tomonidan taqdim etilgan natijalar tahlil qilinib, yosh tadqiqotchiga ilmiy ishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va tadqiqotni mukammal olib borish yuzasidan muhim tavsiyalar berildi.

Tadbir yakunida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bo‘lim boshlig‘i O‘lmasboy Sobitov so‘zga chiqib, bugungi seminarda ishtirok etgan har ikki doktorant dissertatsiya himoyasi arafasida turgan bo‘lsa-da, olib borilayotgan tadqiqotlar sust kechayotganini tanqid qildi.

Darhaqiqat, doktorant ilmiy mavzuni olgan kundan boshlab natijaga erishish uchun ustozlar ko’magiga tayangan holda tinimsiz harakat qilishi lozim. Chunki vaqt tez o‘tadi. Yakuniy baho esa natijaga qarab beriladi.

blank
blank
blank
Прокрутить вверх