Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi hamda uning Toshkent viloyatida joylashgan ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ekologik tadbirlar izchil davom etmoqda. Jumladan, akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining Bo‘stonliq ilmiy-tajriba stansiyasi hududida 5,5 gektar maydonda yaratilayotgan bog‘da ko‘chatlarni sug‘orish va parvarishlash ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgan.
Yoz faslidagi jazirama issiqlar sharoitida har bir ko‘chatning bardavom o‘sishi va rivojlanishini ta’minlash maqsadida zarur agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Tizimdagi ilmiy muassasalar jamoalari har hafta uyushqoqlik bilan sug‘orish ishlarini amalga oshirmoqda.
Milliy markaz tizimidagi Tolali ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti jamoasining bu boradagi bugungi faol ishtiroki alohida e’tirofga loyiq. Institut xodimlari tog‘ yon bag‘irlarida ekilgan ko‘chatlarni bugungi issiq ob-havoda o‘z vaqtida sug‘orish ishlarini amalga oshirib, bog‘ barpo etish jarayoniga amaliy hissa qo‘shdilar.
Bunday tadbirlar “Yashil makon” umummilliy loyihasini samarali amalga oshrishda muhim omil sanaladi.
