Bugun Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida drayver ilmiy loyihalarga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri, professor Feruza Hasanova ishtirok etib, “Xorijiy g‘o‘za navlaridan O‘zbekiston tuproq-iqlim sharoitida yuqori hosil olishning zamonaviy innovatsion agrotexnologiyalarini ishlab chiqish” mavzusidagi drayver ilmiy loyiha doirasida olib borilayotgan tadqiqotlar haqida ma’lumot berdi.
Loyiha doirasida Turkiya, Xitoy va Hindiston seleksiyasiga oid 24 ta xorijiy hamda 2 ta mahalliy paxta navlari tanlab olinib, ularning nihollari to‘liq o‘stirildi va kuchaytirilgan karantin tartibida tajriba maydonlariga ekildi. Hozirda bu maydonlarda fenologik kuzatuvlar olib borilmoqda.
Professor Feruza Hasanovaning ta’kidlashicha, olib borilgan bir yillik tadqiqotlar natijasida Xitoyning Xin Lu Zhong 52 va Xin Lu Zhong 78 navlari hosildorlik, kasalliklarga chidamlilik, moslashuvchanlik kabi ko‘rsatkichlari bilan ajralib chiqqan. Ayni paytda ushbu navlardagi ko‘sak qurti va gerbitsidlarga chidamli genlarni mahalliy navlarga o‘tkazish ustida ilmiy ishlar olib borilmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadi — xorijiy navlarning O‘zbekiston sharoitiga moslashuvchanligini aniqlash, tuproq tahlillari asosida agrotexnologik tavsiyalar ishlab chiqish, fenologik kuzatuvlar asosida eng mos navlarni tanlab olish, shuningdek, turli hududlarda xorijiy navlarning o‘sishiga oid ilmiy tahlillarni tayyorlashdir. Shu asosda har bir nav uchun tuproq-iqlim sharoitiga mos zamonaviy agrotexnik usullar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
Ayni paytda loyiha Toshkent va Andijon viloyatlarida amalga oshirilmoqda. Davra suhbati davomida ishtirokchilar loyihaga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar, ilmiy yondashuv yuzasidan fikr va mulohazalarini bildirdilar.



