O‘rikning o‘zbek olimlari yaratgan mashhur navlarini bilasizmi?

Shu kunlarda serquyosh diyorimizdagi bog‘larda o‘riklar g‘arq pishdi. Yangi uzilgan o‘riklar faqatgina mazasi bilan emas, balki salomatlik uchun foydasi bilan ham qadrlidir.

O‘rik mevasida A, C, E, B guruhi vitaminlari, kaliy, temir, magniy kabi moddalar mo‘l. Yurak-qon tomir faoliyatini yaxshilash, qonni tozalash, immunitetni oshirish, ovqat hazm qilishni yengillashtirish kabi foydali xususiyatlarga ega. Quritilgan o‘riklar esa kamqonlikka qarshi yaxshi vosita hisoblanadi.

Bugungi kunda yurtimizda o‘rik yetishtirish, yangi navlar yaratish va ularni sanoat asosida ko‘paytirish yo‘lida katta ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari bu borada salmoqli yutuqlarga erishgan.

Ushbu institutda o‘rikning 40 dan ortiq navlari yaratilgan. Jumladan, Arzami, Arzami pozdniy, Axrori, Badam birlik, Bodomi, Guliston, Gulyunchi lyuchak, Djaupazak, Zarafshanskiy pozdniy, Isfarak, Qandak, Kech pishar, Kur Sadyk, Maxtobi Samarqandskiy, Medoviy, Mirsandjali, Novvot, Navruz, Supxoni, Xurmoiy, Yubileyniy Navoi, Shalax, Avitsenna, Belaya, Isfarak badamiyskiy, Kulon boboi, Kulon kandak, Mulla Sadyk, Sazagoni, Vympel (st), Xurmoiy karminoviy, Xurmoiy raniy, Xurmoni, Zemnaya, Bobo Rajabiy, Qizil qantaki kabi navlar institut va uning ilmiy-tajriba stansiyalarida yaratilgan.

Bu navlar o‘zining erta pishishi, yuqori hosildorligi, chiroyli ko‘rinishi, yoqimli ta’mi va eksportbopligi bilan ajralib turadi. Shuningdek, ular issiq iqlimga yaxshi moslasha oladi, parvarishlashda sermahsulligi bilan dehqonlar e’tiborini qozongan.

Ayni vaqtda ushbu navlardan iborat bog‘lar yurtimizning turli hududlarida barpo etilgan. O‘rik yetishtirish nafaqat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, balki eksport hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

blank
blank
blank
Прокрутить вверх