Ilm va amaliyot uyg‘unligi — agrar sohada istiqbol garovi

Qishloq xo‘jaligida ilm-fan va innovatsiyalar tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ilmiy yondashuvsiz zamonaviy agrosanoatni rivojlantirib bo‘lmaydi. Mamlakatimizda ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi ko‘p jihatdan ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatiga bog‘liq. Ayniqsa, sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik yo‘nalishida ilm va amaliyotni uyg‘unlashtirish orqali milliy oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va xorijiy urug‘likka bog‘liqlikni kamaytirish maqsad qilingan.

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazi direktori, akademik Shodmon Namozov rahbarligidagi ishchi guruhning bugun Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutidagi o‘rganishlarida ham ana shu maqsadlar yana bir bor alohida ta’kidlandi. Tashrif doirasida institutda amalga oshirilayotgan ilmiy ishlar, tajriba maydonlarida olib borilayotgan sinovlar, yangi navlarning xususiyatlari va ularni amaliyotga tatbiq etish holati o‘rganildi. Olimlar tomonidan joriy etilgan agrotexnologiyalar, sug‘orish usullari va mahalliy iqlim sharoitiga mos navlar haqida ma’lumotlar berildi.

Biroq o‘rganish jarayonida ayrim kamchiliklar ham qayd etildi. Ilmiy natijalarning amaliyotga to‘liq tatbiq etilmayotgani, moddiy-texnik baza imkoniyatlarining cheklanganligi, yosh olimlarning salohiyatidan samarali foydalanishda muammolar mavjudligi tanqid qilindi. Milliy markaz direktori o‘rinbosari Bunyod Mamaraximov bu kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Shu bilan birga, kelgusi faoliyat uchun bir qator muhim yo‘nalishlar belgilab berildi. Jumladan, sabzavot ekinlari duragaylari urug‘chiligi tizimli yo‘lga qo‘yilishi, har bir tajriba dalasida dala madaniyatiga qat’iy amal qilinishi, “xonadonbay” ilmiy loyihalar soni ko‘paytirilishi zarurligi qayd etildi. Bundan tashqari, davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida loyihalarni ko‘paytirish, grant va tanlovlarda faol ishtirok etish, Scopus va Web of Science bazalaridagi nashrlarda ilmiy maqolalar chop etish institutning ustuvor vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi.

Bunyod Mamaraximov o‘z nutqida ushbu institut ilmiy jamoasi zimmasida xorijdan kartoshka, sabzavot va poliz ekinlari urug‘larining importini qisqartirish mas’uliyati borligini qat’iy ta’kidladi. Bu esa mahalliy sharoitga mos, raqobatbardosh va serhosil navlarni yaratish hamda amaliyotga joriy etishni talab qiladi.

Tashrif yakunida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mas’ullarga qisqa muddat ichida aniq chora-tadbirlar belgilash topshirildi. Ilmiy jamoa esa ushbu mas’uliyatni anglagan holda, belgilangan vazifalarni sidqidildan bajarishga tayyor ekanini bildirdi.

Ushbu tashrif ilmiy muassasalar faoliyatini qayta baholash, ilmni amaliyotga yaqinlashtirish va milliy qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Endi asosiy maqsad — muammolarni zudlik bilan hal etib, institut faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarishdir.
blank
blank
blank
blank
Прокрутить вверх