Xabar berib borayotganimizdek, yurtimizda bo‘lib turgan Xalqaro CIMMYT (International Maize and Wheat Improvement Centre) ilmiy markazi vakillari Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi g‘allachilik sohasi bilan shug‘ullanuvchi ilmiy muassasalar faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda. Muloqotlar davomida xalqaro tajriba almashinuvi, hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash va istiqbolli loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishilmoqda.
Mehmonlarning navbatdagi manzili — Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti bo‘ldi.
Tashrif davomida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda rivojlantirish, mavjud agroresurslardan samarali foydalanish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha fikr almashildi. Ayniqsa, g‘allachilik yo‘nalishini ilm-fanga asoslangan yondashuvlar orqali modernizatsiya qilish takliflari ilgari surildi.
Ushbu tashrif xalqaro tajriba va ilg‘or ish uslublarini chuqur o‘rganib, ularni milliy amaliyotga tatbiq etish orqali barqaror va samarali qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyatga ega.



