Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi hamda Qishloq xo‘jaligi sohasi kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti hamkorligida Koreya Respublikasi Hukumatining grant mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va ularning ko‘chatlarini yetishtirish markazini tashkil etish” loyihasi doirasida 42 soatlik o‘quv dasturi muvaffaqiyatli yakunlandi.
Dastur davomida ishtirokchilarga soha doirasida amalga oshirilgan izlanishlar va ilg‘or tajribalar asosida darslar o‘tildi. Ayniqsa, qulupnay yetishtirish bilan bog‘liq barcha jihatlar — nazariy va amaliy mashg‘ulotlar orqali, maxsus tajriba issiqxonasida chuqur o‘rganildi. O‘quv jarayonida erishilgan xulosalar yuzasidan fikr almashildi.
Seminar yakunida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida yuqori texnologiyalar agrotexnoparki maxsus sanoat zonasi direksiyasi direktori Sohibjon Islamov barcha qatnashchilarga minnatdorlik bildirib, bu kabi o‘quv dasturlarining ahamiyati, ular orqali olingan bilimlar amaliyotda katta samara berishini ta’kidladi. Seminar tashkilotchilari va professorlarga muvaffaqiyatlar tilab, ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari hamda sertifikatlar topshirdi.


