G‘allachilikni rivojlantirishda xalqaro hamkorlik ko‘lami kengayadi

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markaziga Xalqaro CIMMYT (International Maize and Wheat Improvement Center) ilmiy markazi vakillari tashrif buyurishdi. Tashrifda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi loyiha koordinatori Aziz Nurbekov ham ishtirok etdi.

 Mehmonlar markaz hududidagi bir qator muhim obyektlar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Jumladan, Ummon Sultonligi bilan hamkorlikda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan “Atyab International Services” xalqaro standartlash va sertifikatlash laboratoriyasi, zamonaviy issiqxona majmuasi hamda Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ko‘chatchilik markazi faoliyati mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tashrif davomida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligini ilmiy asoslarda rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Ayniqsa, g‘allachilikni modernizatsiya qilish va ilm-fanga asoslangan yondashuvlar orqali rivojlantirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

CIMMYT vakillarining O‘zbekistonga tashrifi doirasida qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi, urug‘chilikni rivojlantirish markazi, urug‘lik bug‘doy yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalar faoliyati bilan tanishish ham rejalashtirilgan.

Mazkur tashrif xalqaro tajriba va ilg‘or ish uslublarini o‘rganish, ularni milliy amaliyotga joriy etish, barqaror qishloq xo‘jaligini shakllantirishga xizmat qiladi.
blank
blank
blank
blank
blank
Прокрутить вверх