Agrar ilm-fanida tub burilish: natija, islohot va yangi yondashuvlar

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov rahbarligida videokonferensaloqa orqali kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Markaz tizimidagi barcha ilmiy-tadqiqot institutlari, ilmiy-tajriba stansiyalari va agroxizmatlar rahbarlari ishtirok etdi. Yig‘ilishda so‘nggi bir yarim yil mobaynida agrar ilm-fanida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar tahlil qilinib, ilmiy faoliyatdagi ijobiy tendensiyalar qayd etildi.

Ta’kidlash kerakki, Milliy markaz direktori Shuhrat Otajonov rahbarligidagi davrda agrar ilm-fanida 2023 yilga nisbatan ilmiy loyihalar soni 117 % ga, chop etilgan maqolalar soni 113 % ga, Scopus va Web of Science bazalaridagi maqolalar 120 % ga, yaratilgan yangi navlar soni 134 % ga, Intellektual mulk agentligiga topshirilgan ixtirolar va navlar soni 145 % ga oshdi. Olingan patentlar miqdori esa 2,3 baravarga ko‘paydi. Shu bilan birga, 36 ta ustuvor ilmiy yo‘nalish bo‘yicha yangi ishlanmalar yaratildi va amaliyotga joriy etildi.

“Xonadonbay” moliyalashtirish mexanizmining joriy etilishi ilmni xalq hayotiga yaqinlashtirishda muhim qadam bo‘ldi. AKIS tizimining yangi formatda faoliyat yuritishi esa ilmiy natijalarning tarmoqqa tatbiq etilishiga keng yo‘l ochdi. Ilmiy-innovatsion faoliyatni tartibga soluvchi 1 ta Qonun, 3 ta Prezident qarori, 4 ta Vazirlar Mahkamasi qarori hamda bir qator normativ hujjatlar qabul qilinishi huquqiy asosni mustahkamladi.

Shu davrda qator yangi ilmiy muassasalar va infratuzilmalar — Tolali ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti, Qishloq xo‘jaligi sohasidagi kadrlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, erkin iqtisodiy zona maqomiga ega xalqaro Agrotexnopark hamda smart laboratoriyalar tashkil etildi. Seleksiya va urug‘chilik ishlari aniq metodika asosida yo‘lga qo‘yildi, epigenetik va yarovizatsiya yo‘nalishlarida ijobiy natijalar olindi. Shuningdek, gibrid urug‘chilik, ilmiy maktablar, doktorantlarni qo‘llab-quvvatlash va institutlarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash bo‘yicha muhim ishlar amalga oshirildi. Xalqaro hamkorlik doirasida xorijiy ekinlar introduksiya qilinib, urug‘chilik ishlari boshlandi.

– Bu natijalarga erishish o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q, albatta. Bu – puxta ishlangan strategiya, aql-zakovat, fidoyilik, vatanparvarlik va tinimsiz halol mehnatning mahsuli! Shuhrat Otajonovga yana bir mas’uliyatli vazifa topshirilmoqda. Shu bois Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi jamoasiga yangi rahbarni tanishtiramiz, – dedi vazir o‘rinbosari Alisher Shukurov.

Shundan so‘ng, shu kungacha Milliy markaz tizimidagi Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti direktori lavozimida ishlab kelayotgan akademik Namozov Shodmon Ergashovich Qishloq xo‘jaligi vazirining tegishli buyrug‘i bilan Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori lavozimiga tayinlangani e’lon qilindi. Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vazirining tegishli buyrug‘iga ko‘ra, shu kungacha Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi direktori lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Mamarahimov Bunyod Ikromovich markaz direktori o‘rinbosari, Qishloq xo‘jaligi vazirligiining “Ma’muriy-xo‘jalik xizmati” davlat muassasasi direktori o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Tulanov Akmal Abrorovich markaz direktori o‘rinbosari – Respublika agroxizmatlar markazi direktori lavozimiga va Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Islomov Sohib Yaxshibekovich Qishloq xo’jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi ta’sischiligidagi «Qishloq xo’jaligida yuqori texnologiyalar agrotexnoparki maxsus sanoat zonasi direksiyasi» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori lavozimiga tayinlangani ma’lum qilindi.

blank
blank
blank
blank
Прокрутить вверх