Milliy markaz tizimidagi Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti va Pokiston Islom Respublikasining PARS (Plant and Animal Research Station) markazi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida qishloq xo‘jaligi sohasida yangi navlarni yaratish va kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha istiqbolli loyiha amalga oshirilmoqda.
Mazkur hamkorlik doirasida tezkor seleksiya usullarini joriy etish orqali yangi navlarni yaratish jarayoni sezilarli darajada tezlashtirilishi ko‘zda tutilgan. An’anaviy usullarda 12–15 yilni talab etadigan seleksiya jarayonlari endilikda 5–7 yilgacha qisqartiriladi. Bu esa yangi, yuqori hosildor va iqlim o‘zgarishlariga chidamli navlarni tezda qishloq xo‘jaligi amaliyotiga tatbiq etish imkonini beradi.
Loyihaning amaliy bosqichlarini samarali tashkil etish va mutaxassislar malakasini oshirish maqsadida Pokistonning seleksiya va biotexnologiya sohasidagi yetakchi mutaxassislaridan biri — doktor Zahid Mahmood 15 kunlik xizmat safari bilan Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutida bo‘lib turibdi.
Tashrif davomida doktor Zahid Mahmood tomonidan mahalliy olimlar va mutaxassislar uchun amaliy seminarlar o‘tkaziladi, seleksiyaning zamonaviy usullari va ularni joriy qilish texnologiyalari muhokama qilinadi. Shuningdek, ikki muassasa o‘rtasida ilmiy ma’lumot almashinuvi va kelgusi hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olinadi.
Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti va PARS markazi o‘rtasidagi ushbu hamkorlik mintaqada qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda iqlim o‘zgarishlariga chidamli navlarni yaratish borasida muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.
