O‘zbekiston – Xitoy: qishloq xo‘jaligida raqamli yechimlar

blank

2025–2030 yillarga mo‘ljallangan strategik hamkorlik doirasida qishloq xo‘jaligini raqamli transformatsiya qilish maqsadida O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida qator uchrashuvlar, seminar va ko‘rgazmalar tashkil etilmoqda.

Shu munosabat bilan bugun Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi xodimlari uchun amaliy seminar o‘tkazildi. Unda Xitoyning Xinjiang Sanwei Smart Control Agricultural Science and Technology kompaniyasi vakillari ishtirok etib, qishloq xo‘jaligi yerlarini yangi texnologiyalar orqali, ayniqsa, qurg‘oqchilik va global isish sharoitida samarali sug‘orish tizimi haqida taqdimot namoyish qilishdi.

Taqdimotda yangi sug‘orish texnologiyasining ko‘p tarmoqli afzalliklari ta’kidlandi — u nafaqat turli ekinlar, balki don-dun mahsulotlari va bog‘dorchilik uchun ham mo‘ljallangan. Bunday texnologiyalar fermerlarning mehnatini yengillashtirish, ishchi kuchi o‘rnini texnika vositalari bilan bosqichma-bosqich almashtirish imkonini yaratadi.

Umumiy muhokamalar jarayonida yangi texnologiyani joriy etishdagi muhim jihatlar — uning narxi, texnik vositalar, zarur xomashyo hamda mahalliy mutaxassislarning Xitoyda malaka oshirish dasturlarida ishtirok etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida kelgusida ham qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zaro hamkorlikda qator loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

blank
blank
Прокрутить вверх