
Bugun Milliy markazda ayni mavzuga bag’ishlangan «Jo‘xori yetishtirishni rivojlantirish milliy kuni» bo‘lib o‘tdi. Tadbir Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan tashkil etilib, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi hamda Iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Germaniya-O‘zbekiston ekspert muloqoti dasturi (FFD-SP) bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Tadbir davomida FFD-SP dasturining 2024 yilda jo‘xori yetishtirish bo‘yicha dala tajribasi va 2025 yil uchun rejalari muhokama qilindi. Shuningdek, qator ilmiy-tadqiqot institutlari, xalqaro tashkilotlar va sohadagi yetakchi mutaxassislar jo‘xorining oziq-ovqat va yem-xashak sifatida yetishtirish imkoniyatlari bo‘yicha fikr almashdilar.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi sharoitida jo‘xori muqobil ekin sifatida katta ahamiyat kasb etmoqda. Zamonaviy duragay navlari gektaridan 5-8 tonna hosil bergan bo‘lib, bu kuzgi bug‘doy hosilidan ancha ko‘pdir. Shuningdek, jo‘xori regenerativ dehqonchilikda qoplama ekin sifatida ekilib, tuproq unumdorligini oshirish va agrotexnologik jarayonlarni takomillashtirishga xizmat qilishi mumkin.
Tadbir davomida turli tashkilotlar va ilmiy muassasalar o‘rtasida hamkorlik mustahkamlanib, tadqiqot dasturlarini uyg‘unlashtirish va tajribalarni amaliyotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.

