Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutining markaziy tajriba xo‘jaligi maydonlarida bahorgi ekinlarni ekish ishlari boshlab yuborildi. Tajriba doirasida bahorgi boshoqli don, dukkakli don, moyli va yem-xashak ekinlarining turli navlari ekilmoqda.
Xususan, mahalliy va xorijiy seleksiyaga mansub bo‘lgan 80 ta no‘xat, 90 ta ko‘k no‘xat, 20 ta moyli zig‘ir, 30 ta maxsar va 135 ta yem-xashak ekinlari nav namunalari ustida tadqiqot ishlari olib boriladi.
Shuningdek, Xalqaro ICARDA tashkilotidan keltirilgan bahorgi boshoqli don ekinlaridan 600 ta yumshoq bug‘doy, 130 ta tritikale va 125 ta bahorgi arpa namunalari ekilmoqda. Jami 1 000 dan ortiq nav va namunalardan iborat ekinlar lalmikor sharoitlarda o‘rganilib, tahlil qilinmoqda. Ushbu jarayon bahorgi ekinlarning hosildorligi va moslashuvchanligini aniqlashga xizmat qiladi.

