Tuproq resurslarini asrash, uning unumdorligini oshirish — barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim omil

Tuproq resurslarini asrash, uning unumdorligini oshirish — barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim omil

Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutida Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasi vakillari bilan tuproqshunoslik sohasidagi ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi.

Muloqotda Saratov viloyati qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Natalya Marievskaya, FGBOU VO «Vavilov universiteti» rektori, texnika fanlari doktori Dmitriy Solovev, Xalqaro aloqalar instituti direktori Anna Shadrina, shuningdek, ANO VO «Raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar akademiyasi» ilmiy-uslubiy ishlar bo‘yicha prorektori Filipp Selivanov ishtirok etdi.

Institut direktori, professor Shuhrat Bobomurodov ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvda mamlakatimizda tuproqshunoslik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, institutning ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlari hamda ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish borasidagi faoliyati haqida ma’lumot berildi.

Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi uchun dolzarb bo‘lib turgan tuproq degradatsiyasi, unumdorlikning pasayishi, sho‘rlanish, eroziya, iqlim o‘zgarishi va tuproq resurslaridan oqilona foydalanish kabi masalalarni ilmiy asosda hal etishda xalqaro hamkorlikning ahamiyati muhokama qilindi.

Shuningdek, tomonlar o‘rtasida ilmiy tajriba va g‘oyalar almashinuvi, innovatsion yondashuvlarni joriy etish, qo‘shma ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirish hamda amaliy ishlanmalarni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti hamda FGBOU VO «Vavilov universiteti» o‘rtasida ilmiy-tadqiqot hamkorligi to‘g‘risida memorandum imzolandi.

Manba: Telegram kanali

Scroll to Top