
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon paxta kuni munosabati bilan tashkil etilgan xalqaro konferensiya hamda “Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarning oziq-ovqat xavfsizligi” masalalariga bag‘ishlangan nufuzli xalqaro tadbirlar doirasida dunyoning turli davlatlaridan hukumat vakillari, xalqaro tashkilotlar hamda ilmiy doiralar bir maydonda jam bo‘ldi.
Tadbirlarning birinchi kunida global paxtachilik sanoatining bugungi holati va istiqbollari, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishining agrar sohaga ta’siri, suv resurslaridan samarali foydalanish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hamda qishloq xo‘jaligida innovatsion yechimlardan foydalanish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Muloqotlar davomida O‘zbekistonning agrar sohadagi islohotlari, paxtachilikda yuqori hosildorlik va samaradorlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish hamda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish borasidagi tajribasi ham xalqaro ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.
Ayniqsa, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhim muloqot maydoniga aylandi.
Xalqaro tadbirlarning birinchi kuni mazmunli muzokaralar, muhim va istiqbolli tashabbuslar bilan yakunlandi.
Tadbirlar doirasidagi muhokamalar va amaliy uchrashuvlar ertaga ham davom etadi.




Manba: Telegram kanali



