Bugungi kunda yurtimizda yoshlarga mamlakat taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida qaraladi. Davlatimiz rahbarining bevosita gʻamxoʻrligi va tashabbuslari tufayli yoshlar bilan ishlash ustuvor yoʻnalish sifatida belgilangan.
Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida taʼlim, tadbirkorlik, sport, madaniyat, ilm-fan va innovatsiya sohalarida keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Prezident maktablari, ixtisoslashtirilgan litseylar va zamonaviy universitetlar ochilmoqda, yoshlarga xorijda oʻqish va malaka oshirish uchun grantlar berilmoqda.
Yoshlar tadbirkorligiga imtiyozli kreditlar, yer maydonlari va turli grantlar ajratilayotgani ham ularning iqtisodiy faolligini oshirmoqda. Shu bilan birga, yoshlarning siyosiy va ijtimoiy hayotdagi ishtirokini kuchaytirish boʻyicha muhim qadamlar qoʻyilmoqda.
Ayniqsa, agrar soha va qishloq xoʻjaligida yosh olimlar, fermerlar va tadbirkorlar zamonaviy bilim va texnologiyalarni joriy etib, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda faol ishtirok etmoqda. Jumladan, Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi ilmiy xodimlarning katta qismini yoshlar tashkil qiladi. Bugungi kunda tizimdagi ilmiy-tadqiqot institutlarida yuzlab yoshlar ilmiy izlanishlar olib borib, sohaning rivojiga hissa qoʻshmoqda.
Biz ham yurtimiz kelajagi boʻlgan yoshlarimizga yorqin istiqbol tilaymiz!


